Bloglar jurnalistikani qanchalik o‘zgartirdi?

Mar 17, 2013 10:47

Молиявий соҳага оид мақолалари билан танилган журналист Феликс Сэймон ҳозирги кунда Reuters ахборот агентлиги учун блогпостлар ёзади. 2011 йилда у бир ёш ҳамкасбининг саволларига жавоб бера туриб, «Блоглар журналистикани қанчалик ўзгартирди?», деган тайёр мақола ёзиб қўйганди. Ўша йилнинг сентябрида унинг ўзбекча таржимаси Jurnalistikada.nimagap.uz’да эълон қилинган эди.

Бу сайт ҳозир ишламаяпти, бироқ бу таржимадан бирор фойда чиқишига бўлган умид катталигидан, уни қайта чоп этишга қарор қилдим.

Feliks Selmon: Bloglar jurnalistikani qanchalik o‘zgartirdi?
“Benzinga” axborot-tahliliy xizmatida ishlovchi Laura Hlebasko tayyorlayotgan maqolasi uchun menga bloglar va onlayn-media to‘g‘risida bir necha savollarni yozib yuboribdi. Ularni, mening (Feliks Selmon) javoblarim bilan birga, bu blogpostda o‘qishingiz mumkin.

1. Yetuk jurnalist sifatida aytingchi, an’anaviy ommaviy axborot vositalari - gazeta, jurnallarga yozuvchi odam bilan siz - blogga yozuvchi jurnalist o‘rtasida qanday farq bor? Ma’lum mavzu bo‘yicha yozayotganingizda ushbu ikki axborot vositalaridagi qay bir jihat yoqadi-yu, qaysinisi yoqmaydi, ularning bir-biridan qanday ustun va kamchilik taraflari bor?
An’anaviy axborot vositasi va blogga yozish o‘rtasida katta farq bor, degan fikrdaman. Blogga yozish jarayonida men ko‘proq so‘zlashuv uslubidan foydalanaman - men har bir postni bloggerlar va men, shuningdek, o‘quvchilarim o‘rtasidagi katta bir suhbatning bir qismi sifatida qabul qilaman. Deyarli barcha postlarim - onlaynda sodir bo‘lgan qandaydir voqeaga nisbatan munosabatimni aks ettiradi. Men shov-shuvli yangiliklar ketidan quvadigan bloggerlar toifasiga kirmayman: men ko‘pincha boshqalardan, qayerdandir yangiliklarni kutaman, keyin esa ularni o‘z nuqtai nazarim bo‘yicha baholab ko‘raman, chunki jiddiy mavzuga shaxsiy fikrlarni aralashtirish xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

An’anaviy nashrlarda men yomon ko‘radigan va imkon qadar ishlatmaslikka harakat qiladiganim dasturiy ta’minotning bir qismi - Microsoft Wordga nisbatan qandaydir tushuntirib bo‘lmas intilish mavjud. Linklar, havolalarni qo‘yish qiyin, bu narsa maqolangni avval bosma nashr uchun tahrirlab, keyin uni shundoqligicha onlaynga joylashtirib qo‘yadigan odamlar bilan ishlaganingda ayniqsa kuchli seziladi. An‘anaviy nashrlar uchun yozilgan materiallar nisbatan erkin, mustaqil bo‘lishi kerak, men esa yozish vaqtida ehtiyotkor bo‘lishim talab etiladi, chunki o‘quvchilar oldida bir mas’uliyatim bor: ular gazetadagi maqolamni o‘qish jarayonida undagi tushunarsiz joylarni har doim ham gugllab ko‘rish imkoniga ega bo‘lmaydilar.

Siz o‘z maqolalaringizni yozish, ularni tahrir qilish, rasmlar bilan boyitishga ko‘proq vaqt sarflaysiz - bu an‘anaviy nashrlarning boshqa bir tomoni. Maqolangiz bir necha bor tekshiruv jarayonidan o‘tib, ularning barchasi yozilgan materialning sifatini oshirishga xizmat qiladi. Maqola hajmi son jihatdan qisqarishi mumkin, ammo uning o‘rni sifat ko‘rsatkichi bilan to‘ldiriladi.

2. Bloglar va ularning an‘naviy jurnalistikaga ta’siri to‘g‘risidagi gaplarning aksariyati bosma nashrlar auditoriyasining qisqarishi va ularning daromadlari kamayishi, bloglarning shubhali obro‘si va hakozo boshqalar bilan bog‘lanadi. Bloglarni an‘anaviy jurnalistika bilan taqqoslaganda aytilmay qolgan yana qanday gap, yana qanday noma’lum jihatlar bor?
Bloglarning eng muhim yutuq tomoni - ularda bir mavzu bo‘yicha qayta takrorlash mumkin. An‘anaviy mediada siz materialni tayyorlaysiz va chop etasiz; bloglarda esa hammasini biroz norasmiy ko‘rinishda boshlab, keyinroq har turli uslub va tomondan o‘sha mavzuga qaytishingiz mumkin. Bosma nashrda ishlaydigan har bir jurnalistning maqolasi e’lon qilinganidan keyin, u shunday bir ma’lumotni topadi-ki, bu narsa birinchi maqolani yanada boyitgan bo‘lardi. Bloggerlar esa bu borada ortiqcha tashvishga tushmaydi: ular yo shunchaki yangi post yozishadi, yoki eskisini tahrirlab, to‘ldirib qo‘yishadi.

Bloglar biroz aqldan ozganroqqa o‘xshab ko‘rinishi mumkin, chunki unda an‘anaviy jurnalistikada tasavvur ham qilolmaydigan ishlarni qilish mumkin. Onlayn jurnalistikada majburiyat degan narsa yo‘q. Agar men tovlamachi jamg‘armalar to‘g‘risida 5000 ta so‘zlik maqola yozmoqchi bo‘lsam yoki “HuffPo” jurnalisti islohotlar bilan bog‘liq rasmiy hujjatlar o‘rmonida aylanib-aylanib, 4000 ta so‘zlik maqola yozmoqchi bo‘lsa, bemalol yoza oladi. Yoki “Ars Technica” internet-nashrida “Macintosh”ning har bir yangi operatsion tizimi uchun yoziladigan sharhlarni olib ko‘raylik. Ularning har biri tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada mashhurlik olib kelishi mumkin, ammo ularning hech birini bosma ko‘rinishda berib bo‘lmaydi. Bloglarga nisbatan “ular hamma narsani yuzaki yoritadi” degan tasavvur bor, aslida esa ular mavzuni an‘anaviy jurnalistikadan ko‘ra chuqurroq va munosibroq tahlil qilishlari mumkin. Men hali bloglardagi maqolalar jurnalistlar tomonidan emas, balki o‘z sohasining eng oldi mutaxassislari tomonidan yozilishini eslatganim yo‘q.

3. Sizningcha, bloglar kishilar tomonidan iste’mol qilinayotgan yangiliklar va axborotning tabiatini qanchalik o‘zgartirdi?
Bloglar, so‘zsiz, o‘quvchiga tanlash uchun ko‘proq axborot manbalarini taqdim eta oladi. O‘quvchilar bosma nashrlarning kichik bir to‘dasiga o‘ralashib qolmasliklarini hisobga olsak, bu juda ajoyib holat. Ammo har kimda bu jarayon har xil kechadi: kimlardir o‘zi uchun ma’lum bir saytni tanlab oladi, boshqalar yangiliklarni “Twitter”, “Facebook” va “Google Reader” yordamida saralashga harakat qiladi, uchinchi bir toifa esa hali ham AOLning bosh sahifasidagi linklardan foydalanadi, chunki ular 1996-yildan beri o‘z brauzerlarini sozlamaganlar. Shunga qarab, odamlar nimani o‘qiyotganini oson bilib olish mumkin: hozir deyarli har bir saytda uchratish mumkin bo‘lgan “most read” (eng ko‘p o‘qilgan) ro‘yxatlarini kuzating. Ammo bu umumlashtirilgan raqamlar o‘z ichida alohida turganda tengsiz bo‘lgan maqolalarni yashirib turadi. Shuning uchun ham siz qanchalik ko‘p umumlashtirsangiz, olmoqchi bo‘lgan ma’lumotingizdagi foyda ham shunchalik kamayib boraveradi. Veb muammoni to‘la qamrab olishidan ko‘ra, tor ixtisoslashuvi bilan qimmatliroq.

4. “Twitter” jurnalistikaga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?
U yangiliklarni yetkazish jarayonini har yerda hoziru nozir qildi: misol uchun, hech bir fotojurnalist mana bunga o‘xshagan ish qila olgan emas. U axborotni yetkazish tezligini oshirdi: odamlar hozir bo‘lib o‘tgan hodisa haqida matbuot bu haqda xabar berishidan oldin xabardor bo‘lib ulgurishmoqda. Avvallari o‘zingiz bilmagan, ammo sizni qiziqtirgan narsalarni bilish osonlashdi. U jurnalistlarga o‘zi bilan yakka o‘zi bo‘la olish imkonini beradigan makon, nisbatan insoniy ovozni berdi. U dunyoni toraytirib, yangiliklarning tarqalishini har qachongidan ham tezlashtirdi. Umuman olganda, bu a’lo darajadagi hodisa.

5. Yangi texnologiyalar paydo bo‘lishidan qat’iy nazar, jurnalistikaning “qo‘l tekkizib bo‘lmaydigan” o‘zgarmas (yoki o‘zgarmasligi kerak bo‘lgan) jihatlari bormi?
Menimcha, bunda hamma narsa siz jurnalistika deganda nimani tushunishingiz bilan bog‘liq. Professional jurnalistika har doim professionalizm, etika va aniqlikning eng yuqori standartlariga sodiq bo‘lishi lozim. “Twitter”da akkaunti bor tasodifiy odamlarni esa bu narsalar ko‘p ham tashvishga solavermaydi.

6. Siz bloggerlik bilan shug‘ullanishni boshlaganingizdan beri blogosferada qanday asosiy tendensiya, ko‘rinishlar rivojlanib bordi-yu, uning ham mustaqil, ham an‘anaviy jurnalistika bilan birgalikdagi rivoji qanday bo‘ladi, deb tasavvur qilasiz?
Ilk blogosfera - kishi o‘zi tayyorlagan maqolani maxsus saytda teskari xronologik tartibda joylashtirishi bog‘liq blogosfera asta-sekin o‘lib bormoqda. Uning o‘rnini “Twitter” va “Facebook” mikroe’lonlar bilan, “Business Insider” bilan “Huffington Post” batafsilligi bilan egallamoqda. Axborot oqimini tashkil etuvchilarning barchasi u yoki bu darajada blogosfera tamoyillaridan foydalanmoqda, garchi ularning aksariyati bloglarning mavjudligini o‘z saytini tashqi linklarga to‘ldirib tashlamaslik uchun oqlov sifatida ko‘rsatmoqda. Yangilik tarqatuvchi saytlar borgan sari mustahkam tahririy standartlarga ega blog ko‘rinishini olmoqda, ayni vaqtda, blog-saytlar borgan sari yangiliklar saytlari ko‘rinishiga kirmoqda; bu tendensiya hali davom etadi. Ammo blog ochib, o‘z nomingga ega bo‘lishga hali ham imkoniyat bor. Bu, shuningdek, yozish va muloqot qilish bo‘yicha o‘z bilimlaringni charxlash imkoni hamdir. Bloggerlik bilan imkon qadar ko‘proq odam shug‘ullanishi kerak!

news, jurnalistika, matbuot, twitter

Previous post Next post
Up