Manbalar bilan ishlash

Aug 26, 2013 21:32

25-avgust kuni futbolga ixtisoslashgan futbol saytlarida O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Vitaliy Denisov Angliyaning “Fulxem” klubiga o‘tishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. E’tiborga molik yangilik, chunki haqiqatan ham shunday transfer amalga oshgudek bo‘lsa, Denisov Kuchli beshlikka yo‘l olgan futbolimiz tarixidagi ilk o‘zbekistonlikka aylanadi.

Bu haqda birinchi bo‘lib kim xabar tarqatdi?

Fikrimcha, hozir uchta asosiy onlayn futbol nashri bor bizda: “Uff.Uz”, “Chempionat.Uz” va “Stadion.Uz”.

Denisov haqidagi xabar hozircha 1-raqamli sayt - “Uff.Uz”da chiqqanicha yo‘q hali.

Denisovning “Fulxem”ga o‘tishi haqida birinchi bo‘lib “Stadion.Uz” xabar berdi, 25-avgust kuni soat 9:27da. Nashr xabar manbasi sifatida ukrainalik futbol agenti Mixail Gulordavani ko‘rsatgan. Xabar ostidagi “Manba” degan joyda “www.stadion.uz” deb yozilgan, lekin, mantiqan o‘ylab qaralsa, agar “Stadion”dagilarning o‘zlari Gulordava bilan aloqaga chiqishganida, “Falonchining “Stadion.Uz”ga bergan ma’lumotiga ko‘ra”, deb yozishardi, menimcha. Yoki shunga o‘xshash biror gap.

Keyin, soat 9:48da “Chempionat.Uz” bu haqda yozdi. Ular Mixail Gulordava qayerda shunday deganini ham ko‘rsatishgan.

Soat 11:24da esa @Eshittizmi mikroblogi “Chempionat.Uz”ni “Kun o‘g‘risi”ga aylantirdi. 11:50da “Chempionat.Uz” xabarning asl manbasiga havolani o‘z tvitterida ko‘rsatdi va 12:01da esa anonimlardan nolidi: “eshittizmi” kabi anonimlar sovuqchilik tushiradi o‘rtaga! kimligini yashirib tvit yozadi!”.

Shunday qilib, hammasiga bundan taxminan bir oy avval, aniqrog‘i, 29-iyul kuni “Dynamomania.com”da chop etilgan xabar asos bo‘lgan. Ko‘p ehtimol, buni uchinchi bir odam topib, har ikkala sayt bilan bo‘lishgan bo‘lishi ham mumkin, chunki ikki saytdagi xabar orasidaga vaqt juda qisqa. Umuman, bosh qotirishga arziydigan narsa emas bu, hozir. Lekin men bir fikrdaman: “Stadion.uz”dan ko‘ra “Chempionat.uz” to‘g‘riroq ish qilgan - ular agent bilan shaxsan gaplashmaganliklarining isboti sifatida manbani ko‘rsatishgan, havolani berishmagan bo‘lsa ham.

Men boshqa narsa haqida yozmoqchiman: manbani qanday ko‘rsatish kerak (menimcha)?

“Stadion.Uz” - “Uff.uz” maktabining davomi. “Uff.uz”ning o‘zi esa qadrdon 2000-yillarning o‘rtalaridagi an’analarni saqlab qolgan internet-nashr. O‘sha an’analarni “Dynamomania.com”da ham, jumladan, “Chempionat.Uz”ni ilhomlantirgan (hech bo‘lmasa, nomi bilan) “Championat.com” ham davom ettirmoqda: har bir xabarning ostida “Manba:” degan narsa bor.

Sizni bilmadimu, men shunday hisoblayman: manba - xabardagi eng asosiysi. Shuning uchun ham, bir vaqtlar “Championat.com” “Manba:” degan joyiga o‘z nomini yozib, xabarda “Italiya nashrlarining xabar berishicha”, deb yozsa qabul qilolmasdim. Aftidan, so‘nggi vaqtlarda bizning sport nashrlarimiz ham “Championat.com”dan bu borada namuna olishmoqda. “Sports.Ru” o‘z xabarlarida qaysi xabarni qaysi xorijiy manbadan olganini ko‘rsatadi (“Marca”, “AS” yoki “Football Italia” va hakozo). Bu, “Championat.com” qilayotgan ishdan ko‘ra yaxshi. Oldinlari esa “Sports.Ru” - adashmasam, 2009-yilda - o‘sha xabarga havola ham berardi. Bu, albatta, shunchaki manbani ko‘rsatishdan ko‘ra a’lo ish edi.

Shaxsan menga G‘arb nashrlaridan ham ko‘ra, “Lenta.Ru”ning uslubi yoqadi. U “Reuters”, “AP” yoki “AFP” va boshqa yirik agentliklarning lentalarida e’lon qilingan xabarlarga havola bermaydi, chunki - berolmaydi (texnik jihatdan imkoni yo‘q). Ba’zan bu agentliklar o‘zlarining ochiq manbalarida (o‘z saytlarida, “Google” yoki “Yahoo!”ning yangilik-agregatorlarida) ham xabar berishadi - “Lenta.Ru” ularga, shuningdek, boshqa ikkilamchi manbalarning xabarlariga havola berganidek manba ko‘rsatadi. Ba’zan havolalar xabar davomida, odatda esa - xabarning so‘nggidagi “Manbalar” degan joyida beriladi. E’tibor bering, u faqat manbaga emas, xabarga havola beradi.

Qiziq tomoni, “Lenta.Ru” ishga tushganidan beri - 1999-yildan beri shunday. Faqat u, ba’zan, manbalar ko‘proq bo‘lishi ham mumkinligini hisobga olib, xabarning ostidagi blokni “Manba” emas, “Manbalar” deb atagan. Agar “Lenta.Ru” 2010-yillarda ishga tushganida edi, unda “Manba” yoki “Manbalar” degan qism bo‘lmasligi ehtimoli katta edi, deb taxmin qilaman. Uning xabarlarida manbalar “Gazeta.Uz”dagi kabi berilgan bo‘lardi, menimcha.

Men shunday deb hisoblayman: xabarda nafaqat manba nomini ko‘rsatish kerak, shu bilan birga aynan olingan xabarga URL bilan havola ko‘rsatilishi maqsadga muvofiq. Birovning ishini o‘ziniki qilib ko‘rsatish esa - noprofessionallarga xos ish.

Qo‘shimcha sifatida, “Lenta.Ru”da ko‘p ishlagan, media-tadqiqotchi Aleksandr Amzinning “Yangiliklar internet-jurnalistikasi” kitobidagi “Manbalar” bo‘limidan ikkita bob tarjimasini keltirmoqchiman. Foydali bo‘lishiga umid qilaman.3.1. Nima uchun manba muhim?
Kutilmagan voqea sodir bo‘ladi. Guvohlarning ko‘rsatmalari, tahlilchilarning baholari, agentliklarning xabarlari bir-biridan keskin farq qiladi.

Misol uchun, 2006-yilning 3-fevral kuni “Qizil dengizda 1300 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan kema yo‘qoldi” nomli xabar paydo chiqqandi.

Tafsilotlar bir-biriga mos kelmasdi. Turli xil manbalarni yigirma daqiqa davomida o‘rganishdan so‘ng, “Lenta.Ru”da quyidagi matn paydo bo‘lgandi (http://lenta.ru/news/2006/02/03/ship).Misrning “El Salaam Maritime Transport” kompaniyasiga qarashli “Salaam 89” (CNN ma’lumotlariga ko‘ra - “Al Salam Bokkacho 98”) nomli kruiz-layneri bortida 1300 yo‘lovchi bilan 2-fevral kuni mahalliy vaqt bilan kechki soat 7lar atrofida radarlarning ekranidan yo‘qoldi, deya xabar bermoqda “Sky News”. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, kema bortida 1400dan ortiq yo‘lovchi bo‘lgan, ulardan 1310 nafari misrlik bo‘lgan. So‘nggi marta kemani radarda Duba (Dubah) portidan 62 mil uzoqlikda ko‘rishgan.

Kema Misrning Safaga portiga mahalliy vaqt bilan tungi soat 3da kelishi kerak bo‘lgan (AFPning xabar berishicha, soat 2:30da). “Reuters” xabariga ko‘ra, kema tungi soat 2da portga kelishi kerak bo‘lgan va Jidda (Jeddah) portidan yo‘lga chiqqan. Agentlikning aniqlik kiritishicha, kema bortida 1310 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. AFPning yozishicha, kemada, shuningdek, 40ta avtomobil ham bo‘lgan.

Misr dengiz ma’murlarining ma’lum qilishicha, kema oxirgi marta Saudiya Arabistoni qirg‘oqlari yaqinida qayd etilgan. U portdan yo‘lga chiqqanidan ko‘p o‘tmay aloqa uzilgan. Saudiya Arabistoni va Misrning kemalari laynerni qidirishmoqda. Havodan kuzatuvlar vaqtida Qizil dengizda tanalar ham topilgan, deya xabar bermoqda AFP.

Layner oxirgi marta bo‘lgan joyda bortida yo‘lovchilari bo‘lgan qutqaruv qayiqchalari topilgan, deya xabar bermoqda CNN. Xususan, “Sky News” va “Associated Press”ning qo‘shimcha qilishicha, Misr vertolyotchilari ekipaji uch nafar yo‘lovchisi bor qutqaruv qayiqchasini topishgan. Qidiruv ishlari noqulay ob-havo sharoiti sabab og‘irlashmoqda.

“Sky News” ma’lumotlariga ko‘ra, yo‘lovchilarning bir qismi o‘tgan oy yakuniga yetgan Haj safaridan qaytayotgan ziyoratchilar bo‘lgan. Yo‘lovchilarning yana bir qismi Saudiya Arabistonida ishlaydigan Misr fuqarolari bo‘lgan.

“Reuters”ning qayd etishicha, laynerning umumiy sig‘imi 6650 tonnaga teng. Laynerga egalik qiluvchi kompaniya saytida joylashtirilgan ma’lumotga ko‘ra, kema bortiga 1400 nafar yo‘lovchi sig‘adi. “CNN”ning aniqlashtirilgan ma’lumotlariga ko‘ra esa, kema 1487 nafarga yo‘lovchi olib yurishi mumkin.

Bir xil tipdagi “Al Salam 95” kemasi 2005-yilning oktabr oyida Kipr savdo kemasi bilan to‘qnashish natijasida Qizil dengizga cho‘kib ketgandi. O‘shanda kemaning barcha yo‘lovchilari qutqarib qolingandi. Bundan tashqari, ayni vaqtda yo‘qolib qolgan kema 1999-yili kemalar o‘rtasidagi to‘qnashuvda ham qatnashgandi.

“Sky News” murojaat qilgan ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, bu tipdagi parom kemalari 1970-yillarda ishlab chiqarilgan. Kemaning kamchiligi - unga uncha ko‘p bo‘lmagan suv oqib kirsa ham u to‘mparilib ketishi mumkin.
Bu xabarda beshta turli xil manbadan foydalanilmoqda. E’tibor bering, ularning har biri boshqasiga qarshi chiqmoqda. Oddiy o‘quvchi hech qachon beshta xabarni solishtirib, nisbatan tushunarli manzarani yuzaga keltira olmagan bo‘lardi. Bu ish bilan, o‘quvchi aqldan ozmasligi uchun, ikkalamchi agentliklarning muharrirlari shug‘ullanishadi.

(Izoh: Ikkilamchi yangilik agentliklari, odatda, saytlardir - “Gazeta.Uz” va “Olam.Uz”dan tortib, “Uff.uz” va “Chempionat.Uz”gacha).

3.3. Havolani qanday ko‘rsatish kerak?
Har doim bir manba boshqalarnikidan farqli fikrni tasdiqlashga kirishgan vaqtda unga havola ko‘rsatish kerak.

Havola, odatda, juda oddiy rasmiylashtiriladi: “qandaydir agentlik xabar bermoqda”, “kimdir ma’lum qildi” va hakozo. Agar bunga giper-havola ham ko‘rsatadigan bo‘lsangiz, nur ustiga a’lo nur.

Bu ishda ozgina nozik jihat bor. Faqatgina bayonot muallifigagina emas, uning so‘zlarini yetkazgan agentlikka ham havola ko‘rsatish kerak.

Masalan:2009-yilda sigirlar ommaviy o‘latga uchrashi mumkin, deya ma’lum qildi qishloq xo‘jaligi vaziri Ivan Ivanov. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Yoki:Qishloq xo‘jaligi vaziri Ivan Ivanov 2009-yilda sigirlar ommaviy o‘lat bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi, deya xabar bermoqda “RIA Novosti”.
Birinchi variant biroz yaxshiroq, chunki xatboshi so‘zlovchining unvon va lavozimlarini sanashdan emas, darhol asosiy gapdan boshlanmoqda.

Iqtisodiy va siyosiy nashrlarda ko‘pincha anonim manbalarga asoslanadi. Ayni vaqtda ular turli xil ko‘rinishda namoyon bo‘lishi mumkin, masalan:XXX gazetasiga ma’lum bo‘lishicha...\r\n
XXX gazetasiga xabar bergan bozor ishtirokchilarining ma’lumotlariga ko‘ra...\r\n
Bu haqda vaziyat bilan tanish manba xabar berdi...
Anonim bayonotlar odatda eng bahsli, muhmal va keskin bo‘ladi. Bundan tashqari, maqola manbasi buyurtma bo‘lishi mumkin. Bunda “egasi yo‘q” gaplar bilan raqobatchilarni haqorat qilish holatlari tez-tez uchraydi.

Shuning uchun ham imkon qadar anonim manbalardan iqtibos keltirishdan qochish kerak. Agar buning iloji yo‘q bo‘lsa, falon gazeta yoki internet-nashr o‘z manbalar/ma’lumotlariga asoslanib (yoki o‘z manbalarini oshkor etmasdan) xabar berayotganini aniq ko‘rsatib qo‘yish kerak.

Havola siz va sizning nashringizni sud da’volaridan himoya qiladi. Sud amaliyoti shundayki, ma’lumotlarni birinchi bo‘lib e’lon qilgan OAV javobgar bo‘ladi. Agar siz qayta chop etgan narsa yolg‘on yoki tuhmat bo‘lib chiqsa, sizning xabaringizda uning manbasini ko‘rsatganingiz xavfsizligingiz uchun xizmat qiladi.

Javobgarlik haqida gapirishni boshlagan ekanmiz, bir necha manbaning ma’lumotlaridan foydalanish vaqtida qaysi xabar kimniki ekanligini aniqlab olishga harakat qiling. Chunki, siz bir agentlik yozgan xabarning manbasi sifatida boshqa bir agentlikni ko‘rsatib qo‘ysangiz, noxushlik yuz berishi mumkin.

Imkon qadar (va agar nashr formati buni taqiqlamasa) manba saytiga emas, undagi tegishli xabarga giper-havola bering. Shu yo‘l bilan siz birinchi manba o‘tish uchun ko‘prik qoldirasiz va o‘quvchi oldida o‘z so‘zlaringizga javob berib, uning hurmatiga sazovor bo‘lasiz.

Manbalar konfliktidan qo‘rqmang. Qaysi bir haq, qaysi bir aybdor, deb tanlab o‘tirmang, barcha talqinlarni bering, faqat batartib. Bu fikr bir agentlik qisqa, boshqasi esa to‘liq bergan nyusmeykerning noaniq gaplariga ham taalluqlidir.

news, jurnalistika, kitob, matbuot

Previous post Next post
Up